Ma’lumki, 5-may kuni “2017/2018-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida”gi qaror imzolandi. Unga ko‘ra, yangi o‘quv yilida bakalavr ta’lim yo‘nalishiga 66 316 nafar talaba — 18 194 nafari davlat granti va 48 122 nafari to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi. O‘tgan yilgi kvotalar bilan taqqoslaganda, joriy yilgi kvotalar soni 8 409 taga ko‘paygan, deya xabar bermoqda Uz24.uz axborot portali Xushnudbek.uz blogiga tayanib.
Qaror bilan joriy yildan test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘ta olmagan abiturientlar to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi evaziga talabalikka qabul qilinishi mumkin. Faqat buning uchun abiturient kamida 68 ball to‘plagan bo‘lishi lozim. Qo‘shimcha qabul bo‘yicha to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi abiturientlar to‘plagan ballarga qarab Davlat komissiyasi tomonidan differentsiyalashgan tartibda belgilanadi. Hozircha kontraktning narxi ma’lum emas. Shuningdek, qo‘shimcha kontrakt o‘rni ham cheklangan bo‘ladi, 68 balldan oshirgan barcha abiturientlar ham qabul qilinavermaydi.
Qabul kvotasi soni bo‘yicha OTMlar reytingi quyidagi ko‘rinishda bo‘ldi (bakalavr uchun):
1. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (filiallari bilan) — 2920 nafar;
2. Toshkent davlat texnika universiteti (filiali bilan) – 2805 nafar;
3. Toshkent davlat agrar universiteti (filiali bilan) – 2730 nafar;
4. Qoraqalpoq davlat universiteti – 2200 nafar;
5. Samarqand davlat universiteti – 2000 nafar;
5. Urganch davlat universiteti – 2000 nafar.
Ushbu yilda 45 ta OTMning kvotalari ko‘paydi. O‘tgan yilgiga qaraganda kvotasi eng ko‘p oshgan OTMlar reytingida Toshkent davlat agrar universiteti 770 ta o‘rin bilan mutloq yetakchi bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Farg‘ona politexnika instituti 550 ta o‘ringa ko‘paygan holda egalladi. Namangan davlat universiteti esa joriy yilda naq 500 ta ko‘p talaba qabul qiladi.
Joriy yilda faqat uchta OTMning qabul kvotasi kamaydi. Bular: Termiz davlat universiteti (42 nafarga), Toshkent davlat stomatologiya instituti (155 nafarga) va nomi o‘zgartirilgan Namangan muhandislik-qurilish instituti (160 nafarga). 11 ta OTMning kvotasi o‘zgarmadi.
Tibbiyot oliygohlari endilikda davlat granti asosida hududlarga taqsimlangan kvota bilan talaba qabul qiladigan bo‘ldi. Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Qo‘ng‘irot bo‘limi ushbu yildan boshlab yopildi. Ular endi talaba qabul qilmaydi.
Toshkent davlat stomotologiya institutining hududlardagi barcha filiallari, xususan Andijon, Buxoro, Samarqand, Nukus filiallari yopildi. Buning evaziga avvalgidek hududlardagi tibbiyot institutlarida “Stomatologiya” fakultetlari qayta tashkil etildi.
Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialiga yana talabalar qabul qilish boshlandi. O‘tgan yili ushbu filial uchun kvota ajratilmagandi.
Termiz shahrida Toshkent davlat texnika universiteti hamda Toshkent davlat agrar universitetining filiallari ochildi. Endi shu ikkala universitetda o‘qimoqchi bo‘lgan abiturientlar Termiz shahridagi filiallarda ham tahsil olishi mumkin.
Namangan muhandislik-pedagogika institutining nomi Namangan muhandislik-qurilish instituti deya o‘zgartirildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilda OTMlarga hujjat qabul qilish jarayoni 15-iyundan 15-iyulgacha davom etadi. Davlat konservatoriyasida esa 15-iyundan 10-iyulgacha hujjatlar qabul qilinadi.