Toshkent tramvayini tiklash ishlariga Turkiya va Chexiyadan mutaxassislar jalb etilishi mumkin. Yo‘nalishlar xaritasi yaqin bir yil ichida ishlab chiqilib, tramvay yo‘llarini qurish 2023 yildan boshlanishi reja qilinmoqda, deya yozmoqda Kun.uz.
Toshkent tramvayi 103 yillik faoliyatidan so‘ng, 2016-yilda faollar qarshiligiga qaramay butkul tugatilgan, shahar rasmiylari bu transport turini samarasiz deb hisoblagandi.
2022-yil boshida esa prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga tramvayni qaytarish rejasi borligini e’lon qildi. Davlat rahbari bu borada ko‘plab xat va murojaatlar kelayotganini aytdi. Bu yangilik ijtimoiy tarmoqlarda iliq kutib olindi: ekologik toza, sig‘imi katta va tirbandlikka tushib qolmaydigan mazkur jamoat transport turi dunyoning ko‘plab megapolislarida alohida qadrlanadi.
Fevral oyi o‘rtalarida Navoiy shohko‘chasida rekonstruksiya ishlari boshlandi, loyihaga tramvay yo‘li kiritilmadi. O‘shanda shahar transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev tramvay bo‘yicha alohida dastur qabul qilinishini aytgandi.