//

“16 kun gender zo‘ravonlikka qarshi faol harakatlar” kampaniyasiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi

Foto: UNFPA

30-noyabr kuni Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamda Aholishunoslik sohasida BMT jamg‘armasi tomonidan 25-noyabr – Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish kuni boshlangan hamda 2022-yil 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kunida yakunlanadigan “16 kun gender zo‘ravonlikka qarshi faol harakatlar” kampaniyasiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Tadbir “Odatiy narsalar” ko‘rgazmasi bilan boshlanib, unda zo‘ravonlikka to‘qnash kelgan 16 nafar ayol bilan haqiqatda yuz bergan voqealar hikoya qilindi.

2022-12-03-22-16-52
Foto: UNFPA

Har bir voqea markazida kosa, stol, stul, telefon kabi oddiy buyumni ko‘ramiz. Biroq, ularning har biri jismoniy, ruhiy, iqtisodiy zo‘ravonlikni boshidan kechirgan, o‘zining turmush o‘rtog‘i yoki oila aʼzosi qo‘lidan jabr chekkan yoki halok bo‘lgan ayollar taqdirida fojiali o‘rin egallagan. Ko‘rgazmaning maqsadi – mamlakatdagi zo‘ravonlik muammosini yoritish hamda har bir fuqaroni gender tengsizlikka qarshi faol harakat qilishga undashdan iborat. Barcha voqealar haqiqatga asoslangan, ammo loyiha qahramonlarining ismlari shaxsiy xavfsizlikni taʼminlash maqsadida o‘zgartirilgan.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida, shuningdek, Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi rahbari Zulayho Mahkamova hamda YUNFPAningO‘zbekistondagi vakili, janob Yu Yu ishtirok etdilar.

2022-12-03-22-16-55
Foto: UNFPA

Mehmonlar ko‘rgazmani tomosha qilganlaridan so‘ng “Zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q!” telegram kanalining mualliflari tomonidan tayyorlangan “Hayotiy voqealar” to‘plami taqdim etildi. Hayotiy voqealarning qahramonlari – xotin-qizlar reabilitatsiya va moslashuv markazlari, shuningdek NNT-boshpanalar vasiyligidagi ayollar bo‘lib, ular mazkur muassasalarga yordam so‘rab murojaat qilganlar yoki boshqa tashkilot va tuzilmalar (mahalla, huquqni muhofaza qilish organlari va boshqalar) tomonidan yordam olish uchun yo‘naltirilganlar.

2022-12-03-22-17-03
Foto: UNFPA

Tadbir doirasida mehmonlarga uch pardali “Orzulari osmon qizlar” nomli spektakl namoyish etildi. Unda uch xil turli vaziyatda xotin-qizlar maʼlumoti va ayolning o‘zini-o‘zi shakllantirishi mavzusiga doir suhbatlar modellashtirilgan. Birinchi sahna ko‘rinishida ushbu mavzu bo‘yicha munozara maktab o‘quvchilari orasida kuzatilsa, ikkinchi harakatda – bir oila aʼzolari o‘rtasida qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ladi. Uchinchi sahnada esa mavzu ikki yosh oilaning o‘zaro munosabatlari misolida yoritilgan.

Tadbir davomida davlat va xalqaro tashkilotlarning vakillari gender zo‘ravonlik va tengsizlik muammolariga yechim topish ustuvor ahamiyat kasb etishini hamda ularni bartaraf etish uchun hamkorlikda harakat qilish zarurligini qayd etdilar. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik tenglik, taraqqiyot va tinchlik sohasida yuksalishga erishish, shuningdek xotin-qizlarning huquqlarini taʼminlash yo‘lidagi to‘siqdir. Zero, Barqaror rivojlantirish maqsadlarining asosiy tamoyili – hech kim unutilmasligini taʼminlashdan iborat bo‘lib, unga ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni yo‘qotmasdan erishish mumkin emas.

Fikr bildirish

Latest from Blog