/

1-iyuldan elektr va gaz bo‘yicha tabaqalashtirilgan tariflarga o‘tiladi

Foto: Interfax.uz

Elektr va gaz tariflarini oshirish bo‘yicha qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Kutilganidek, oylik bazaviy normani kiritish orqali tariflar tabaqalashtiriladi. Ma’lum qilinishicha, aksariyat oilalarda oshgan narxlardagi qo‘shimcha to‘lov miqdori bir oyga elektr uchun 7,5 ming so‘mgacha, tabiiy gaz uchun issiq oylarda 6 ming so‘mgacha, isitish mavsumida 21 ming so‘mgacha bo‘ladi.

“Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida” hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyiha ikki jihatiga ko‘ra ahamiyatli:

  • elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz tariflari oshirilmoqda;
  • energetika islohotining aniq muddatlari belgilanmoqda – bu islohot elektr va gaz tanqisligiga barham berishi lozim.

Tabaqalashtirilgan to‘lov tizimiga o‘tiladi

Elektr va gaz tariflariga ijtimoiy norma kiritilib, aholining ko‘p energiya sarflaydigan (nisbatan o‘ziga to‘q) qatlami xarajatlarini budjetdan subsidiyalash qisqartiriladi.

Ijtimoiy norma miqdorini quyidagicha belgilash taklif etilmoqda:

  • elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha 250 kVt soatgacha;
  • tabiiy gaz bo‘yicha oktyabr-mart oylari uchun 700 kub metrgacha;
  • tabiiy gaz bo‘yicha aprel-sentabr oylari uchun 200 kub metrgacha.

Quyida keltirilayotgan yangi narxlar 2022 yil 1 iyuldan boshlab joriy etilishi kutilmoqda. Eslatib o‘tamiz, gaz va “svet” tariflari oxirgi marta 2019 yil yozida oshirilgandi.

1 kVt soat elektr energiyasi uchun taklif etilayotgan yangi narxlar (aholi uchun):

  • ijtimoiy norma doirasida: oyiga 250 kVt soatgacha – 325 so‘m (hozir 295 so‘m);
  • 250 kVt soatdan yuqori har 1 kVt soat uchun – 650 so‘m.

Rasmiy izohga ko‘ra, taklif etilayotgan narxlar tasdiqlansa, xonadonlarning xarajati quyidagicha summaga oshadi:

  • 250 kVt soatgacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 7,5 ming so‘mgacha;
  • 300 kVt soatgacha ishlatadigan abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 25 ming so‘mgacha;
  • 400 kVt soatgacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun esa qo‘shimcha xarajat oyiga 61 ming so‘mgacha bo‘ladi.

Shuningdek, 1 kVt soat elektr energiyasi narxi yuridik shaxslar uchun quyidagicha belgilanishi mumkin:

  • NKMK, OKMK va budjet tashkilotlari uchun – 800 so‘m;
  • qolgan yuridik shaxslar uchun – 600 so‘m (hozir 450 so‘m).

1 kub metr tabiiy gaz uchun taklif etilayotgan yangi narxlar (aholi uchun):

Isitish mavsumi – oktyabr-mart oylarida:

  • oyiga 700 kub metrgacha – 410 so‘m (hozir 380 so‘m);
  • 700 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1200 so‘m.

Isitilmaydigan mavsum – aprel-sentabr oylarida:

  • oyiga 200 kub metrgacha – 410 so‘m (hozir 380 so‘m);
  • 200 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1200 so‘m.

Ta’kidlanishicha, isitish mavsumida:

  • 700 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 21 ming so‘mgacha;
  • 1 000 kub metrgacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 267 ming so‘mgachani tashkil etadi.

Isitish mavsumidan tashqari davrda:

  • 200 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 6 ming so‘mgacha;
  • 300 kub metrgacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 88 ming so‘mgacha bo‘ladi.

Fikr bildirish

Latest from Blog